Gruziya parlamenti raisi Samarqandga keldi
Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Gruziya parlamenti raisi Shalva Papuashvili boshchiligidagi delegatsiya Samarqand shahrida bo‘ldi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov hamrohligidagi delegatsiyani temiryo‘l vokzalida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov kutib oldi.
Delegatsiya Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishdi.
- O‘zbekiston parlamentidagi do‘stlarimiz va hamkorlarimiz bilan tajriba almashish uchun tashrifimiz doirasida qadimiy Samarqand shahri bilan tanishish imkoniyati yaratilganidan mamnunmiz, - deydi Shalva Papuashvili. - Uzoq o‘tmish va buyuk tarixga ega bo‘lgan Samarqandda bo‘lish har bir kishiga o‘zgacha his-hayajon bag‘ishlaydi. Bu yerda tarix va bugunni uyg‘un holda ko‘rish mumkin. Havosi, tabiati, odamlari ham menga yoqdi. Ayniqsa, tarixiy obidalar, ularning betakror me’moriy yechimi, har bir inshootni asrlar davomida asrab-avaylab kelinayotgani hayratlanarli. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik xalqlarimiz orasidagi munosabatlarni ham faollashtiradi. Bu esa shubhasiz, taraqqiyotga xizmat qiladi.
Delegatsiya a’zolari Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, "Afosiyob" muzeyida bo‘lib boy madaniy merosimiz bilan tanishdi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabriga gulchambarlar qo‘yib, hurmat bajo keltirishdi.
Tashrif so‘ngida gruziyalik mehmonlar “Boqiy shahar” majmuasini ko‘zdan kechirdi.