Ijodkor yoshlarga madadkor bormi? Yoxud ishtixonlik o‘quvchilarni qiynayotgan muammolar

Iste’dodli, ijodkor yoshlar ko‘p, faqat ularni izlab topish va qo‘llab-quvvatlash lozim. Buning uchun keyingi yillarda maktablarda yetarlicha sharoit yaratilyapti. Iqtidorli o‘quvchilar bu imkoniyatlardan qay darajada foydalanmoqda? Shu savolga javob topish maqsadida Ishtixon tumanidagi ayrim maktablarda bo‘ldik.

Bu maktabga ko‘pchilik havas qiladi

Tumanning 41-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 1356 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi. Ularga 86 nafar o‘qituvchi dars beradi.

- Ta’lim muassasamizda faoliyat olib borayotgan ustozlarning 10 nafari oliy toifali, 15 nafari esa birinchi toifaga ega, - deydi maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Matluba Muhammadiyeva. – Ularning sa’y-harakati bilan o‘quvchilarimiz yuqori natijalarga erishib kelyapti. Masalan, 2 nafar o‘quvchimiz ona tili va ingliz tilidan fan olimpiadalarining respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Ko‘plab o‘quvchilarimiz muddatidan oldin oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘lyapti. Shuning uchun ham maktabimizga havas qiladiganlar ko‘p.

Qofiya bilan turoq bozorda sotilmaydi

Har bir sinfda adabiyotga qiziqadigan o‘quvchilar bor. Ammo ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan ustoz topilishi qiyin. Maktabda pedagogika kollejini tugatib, yoshlar yetakchisi bo‘lib ishlagan Zulfiya Suvonova bugungi kunda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi sifatida faoliyat olib boryapti. Biz maktabga borgan paytimizda u bilan uchrashdik, suhbatlashdik. Maktab direktori o‘rinbosaridan intervyu olib, so‘ngra u tashkil etgan to‘garaklar faoliyati bilan yaqindan tanishishni rejalashtirgan edik. Ammo keyin bu targ‘ibotchini maktabdan topa olmadik.

Direktor o‘rinbosari Matluba Muhammadiyeva hamrohligida maktab o‘quvchilari bilan suhbatlashishga harakat qildik.

- She’riyatga qiziqaman, - deydi 8-sinf o‘quvchisi Ozoda Otaqulova. – Ammo yozgan she’rlarimni ustozlarimga ko‘rsatmaganman. Uyda bobomga o‘qib berganman. U kishi meni rag‘batlantirish maqsadida kitoblar sovg‘a qiladi.

Afsuski, bugun maktablarda she’r yozishga qiziquvchi o‘quvchilarning aksariyati “Sariq devni minib” asaridagi Hoshimjon kabi bozordan izlamasa-da, qofiya bilan turoqning nima ekanligini to‘liq anglab yetmagan. Bu albatta, ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar hamda ona tili va adabiyot o‘qituvchilarining to‘g‘ri tushuntirib bera olmaganligidandir.

“2023 yilgi rejalarimning bir qismi 2022 yilda bajarildi”

Bu gapni maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Lobar Elmurodova aytdi. U Samarqand davlat chet tillar institutini tamomlab, 3 yildan beri mazkur ta’lim muassasasida faoliyat ko‘rsatadi.

- 2022 yil men uchun omadli keldi, - deydi u. – Shu yil magistrlik diplomini qo‘lga kiritdim. Shuningdek, mart oyida ikkinchi, noyabr oyida esa birinchi toifaga ega bo‘lish uchun navbatdan tashqari imtihon topshirib, attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdim. 2023 yilda 20 nafarga yaqin shogirdim oliy o‘quv yurtiga kirishi kerak. Bu maqsadimga 2022 yildayoq qisman erishdim, desam bo‘ladi. Sababi 11-sinf o‘quvchilaridan 6 nafari S1 va V2 darajadagi milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi. Ularga oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlarida ingliz tilidan eng yuqori ball beriladi. Yana 10 nafardan ziyod o‘quvchim ana shunday sertifikat olish harakatida.

Maktab sinfxonalari keng va yorug‘, ammo sovuq

Maktab hovlisiga kiraverishda issiqxonalarga ko‘zingiz tushadi. Ularni ko‘rib, bu muassasa ichkarisi iliqqina bo‘lsa kerak, deb tasavvur qilasiz. Ammo sinfxonalarda o‘quvchi va ustozlarning qishki kiyimlarda o‘tirganini ko‘rib, afsuslanasiz.

- Maktabimiz qozonxonalari tabiiy gazga mo‘ljallangan, ko‘mirga moslashmagan, - deydi o‘t yoquvchi Yusuf Tursunqulov. – Gaz bosimi esa juda past. Kechagi sovuq kunlarda o‘chib qolaverdi. Qozonxonaning yonidan ketmadik. Har 10 daqiqada yoqamiz, o‘chib qoladi, yoqamiz yana o‘chadi. Shuning uchun sinfxonalar isimadi.

 

Eshikni yopsangiz teshikdan sovuq keladi

Aslida biz Ishtixon tumaniga ijodkor o‘quvchilar bilan suhbatlashish, ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilarning faoliyati haqida reportaj tayyorlash maqsadida borgan edik. Lekin o‘quvchilarni qiynayotgan muammolarni ko‘rib, ko‘z yumib ketolmadik.

Ikkinchi manzilimiz tumandagi 56-maktab bo‘ldi. Bizni qarshi olgan direktorning ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha o‘rinbosariga maqsadimizni tushuntirdik.  Uning ta’kidlashicha, seshanba “metod kuni” bo‘lganligi uchun targ‘ibotchi ishga kelmagan. Avvaliga hayron bo‘ldik, targ‘ibotchilar uchun ham “metod kuni” bormi, deb. Keyin bilsak, bu vazifa ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisiga qo‘shimcha ish sifatida yuklatilgan ekan.

Nima bo‘lganda ham targ‘ibotchi yoki adabiyot o‘qituvchilari kitobga, she’riyatga, san’atga qiziquvchi o‘quvchilar bilan yaqin hamkorlik qilsa, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata bilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Bu ta’lim muassasasida ham o‘quvchilar qishki kiyimda darslarda qatnashyapti. Qozonxonalari gazga ham, ko‘mirga ham mo‘ljallangan ekanu, ammo sinfxonalar isimagan. Maktabning yaqinda bunyod etilgan yangi binosi eshiklari teshilib yotibdi. Ularni ko‘rib, xonalar nega isimasligini anglash qiyin emas. Ayrim eshiklarning teshiklari skotch bilan berkitilgan.

 

Maktabda chempionlar bor, ammo sportzal yo‘q!

Bu ta’lim muassassasida ham savollarimizga ko‘ngildagidek javob ololmaganimizga afsuslanib qaytayotgan edik, o‘zini kimyo fani o‘qituvchisi, deb tanishtirgan bir muallimni uchratib qoldik. U uzoq yillardan beri shu maktabda ishlar ekan.

- Maktabimiz 1973 yilda qurilgan, - deydi Vali Rassayev. – Ikki yil avval qo‘shimcha bino qurib berildi. Hozirgi kunda 340 o‘rinli ta’lim muassasasida 474 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Ular orasida sportga, axborot texnolgiyalariga, san’atga, adabiyotga qiziquvchilar ko‘p. Maktabimizning 2 nafar bitiruvchisi sport bo‘yicha chempion bo‘lib, imtiyoz asosida oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirdi. Hozirda 8-sinf o‘quvchisi Diyora Abduhamidova boks bo‘yicha O‘zbekiston chempioni. Ayni paytda Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘ryapti. Maktabimizda sportchilar ko‘p, ammo sportzal yo‘q.

 

Tadbirlar tashqarida o‘tkaziladi

Vali aka kimyo fani o‘qituvchisi bo‘lsa-da, o‘quvchilarni adabiyotga ham qiziqtirishga harakat qilyapti.

- Yaqinda o‘zim rahbarlik qiladigan 9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Men tanlagan kasb” mavzusida insholar tanlovini o‘tkazdim, - deydi u. - Bu bilan ularning qaysi kasbga qiziqishini o‘rgandim. G‘oliblarni rag‘batlantirish maqsadida kitoblar sotib oldim. Bundan tashqari, sinfimdagi har bir o‘quvchining tug‘ilgan kuniga bitta badiiy kitob sovg‘a qilishni odat qilganman. Ularni mutolaaga qiziqtiraman, o‘qishga majbur qilaman. O‘qigan asarlarini har hafta juma kuni muhokama qilamiz. Maktabda ona tili va adabiyot o‘qituvchilari bilan hamkorlikda turli adabiy kechalar o‘tkazib turamiz. Yana bir muammomiz faollar zali yo‘qligida. Shuning uchun tadbirlarni tashqarida o‘tkazishga majburmiz.

Ijodiy safarimiz davomida ishtixonlik o‘quvchi yoshlar orasida iste’dodlilarini uchratdik. Ammo ularning iqtidori yuzaga chiqishi, tanlov va musobaqalarda ishtirok etishi hamda yutuqlarga erishishi uchun munosib muhit yaratish lozimligini, ijodkor yoshlarga ustozlar sidqidildan yordam berishi kerakligini angladik.

 To‘lqin Siddiqov,

Jasur Shukurov,

Baxtiyor Mustanov.