Ilg‘orlar elektromobil uchun bellashadi

Samarqand shahrida "Obod xonadon", "Obod ko‘cha" va "Obod mahalla" respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida "Obod xonadon", "Obod ko‘cha" va "Obod mahalla" mezonlarini joriy etishda to‘plangan ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan tanlovning quyi bosqichlarida viloyatimizdan 654 nafar mahalla raisi, 1300 nafardan ortiq ko‘chaboshilari, 2800 nafarga yaqin xonadon egalari ishtirok etdi. Ularda har bir yo‘nalish bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 16 nafardan ishtirokchi viloyat tanlovida bellashdi.

— Ilgari har bir xonadon bekasi erta tongda turib, hovli va ko‘chalarni tozalar, erkaklar esa atrofni ko‘kalamzorlashtirib, saranjom-sarishta qilar edi, - deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisining maslahatchisi Sobirjon Murodov. – Ammo keyingi vaqtlarda bu an’analarimiz biroz unutilayotgandek. Madaniyat, ma’rifat, baraka,.. Bularning barchasi obod joyda bo‘ladi, albatta. Tanlov xalqimizning ayni qadriyatini qayta jonlantirish va yanada takomillashtirishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

Ikki shart bo‘yicha bellashgan ishtirokchilarning chiqishlarini 9 nafar a’zodan iborat hakamlar hay’ati baholab bordi.

Yakuniy natijaga ko‘ra, "Obod xonadon"  yo‘nalishida birinchi o‘rinni Narpay tumani O‘zbekiston mahallasi Duoba qishlog‘idagi 235 xonadon egasi Hakim Rasulov, "Obod ko‘cha" bo‘yicha Urgut tumani Ipakli mahallasi Abdulla Qahhor ko‘chasi ko‘chaboshisi Asror Tursunov, "Obod mahalla" bo‘yicha Qo‘shrabot tumani Shovona mahallasi raisi Aziz Abduvohidov egalladi.

— Bizning xonadon nafaqat obod, balki oilamizning qo‘shimcha daromad manbai hamdir, - deydi Hakim Rasulov. – 20 sotix yerdan har yili uch marta hosil olamiz. Yetishtirayotgan olti xil turdagi karam, turli sabzavotlarning bozori chaqqon, bir yilda 100-150 million so‘m daromad keltiradi. Tajribamizni o‘rganish uchun boshqa tumanlardan ham odamlar kelyapti.

Ko‘rik-tanlov yo‘nalishlari bo‘yicha barcha g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilarning sovg‘alari topshirildi. Birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganlar uning respublika boschiqida oliy sovrin - elektromobil uchun bellashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.