Ishtixonlik o‘qituvchi germaniyaliklarga dars beradi
O‘zbekiston yoshlar umumjahon assotsiatsiyasining Germaniyadagi vakili Kamoliddin Bediyev Ishtixon tumanining Bahrin qishlog‘ida tug‘ilgan. Bolaligidan til o‘rganishga qiziqqani uchun 1998-2002 yillarda O‘zbekiston jahon tillari universitetining nemis filologiyasi fakultetida o‘qidi. O‘qishni Berlin texnika universitetida davom ettirish uchun Germaniyaga yo‘l oldi. Universitetda kommunikatsiya va til-pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oldi. Ayni paytda u Berlin shahridagi o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchilik qilmoqda.
K.Bediyev 2018 yil yanvar oyidan boshlab O‘zbekiston yoshlar umumjahon assotsiatsiyasining Germaniyadagi vakili sifatida ham faoliyat olib bormoqda. U bilan suhbatimiz assotsiatsiyaning vazifasi, Germaniyadagi o‘zbek yoshlari uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida bo‘ldi.
- Kamoliddin aka, avvalo, O‘zbekiston yoshlar umumjahon assotsiatsiyasining asosiy maqsadi haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
- Assotsiatsiyaning asosiy vazifalari ayni paytda xorijda o‘qiyotgan va ishlayotgan yoshlarimiz bilan aloqa o‘rnatish, ular ishtirokida turli istiqbolli loyihalarni amalga oshirish. Zarur bo‘lsa, o‘zbekistonlik yoshlarga yordam ko‘rsatamiz, viza masalasida, o‘qish va ish jarayonida duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etishda huquqiy maslahat beramiz. Shuningdek, o‘zga yurtdagi o‘zbek yoshlarining qalbida azaliy qadriyatlarimizga sadoqatni saqlash maqsadida milliy bayramlarni nishonlash, turli sport o‘yinlarini tashkil etish ham mazkur assotsiatsiyaning asosiy maqsadlaridan hisoblanadi.
Assotsiatsiya vakili sifatida faoliyat olib borayotganimga ikki yildan oshgan bo‘lsa, shu vaqt davomida xalqaro ilmiy konferensiyalar, o‘zbek tili forumini uyushtirdik. Bu yerdagi o‘zbek bolalari uchun tashkil qilingan o‘zbek tili mashg‘ulotlari doirasida ham qiziqarli viktorinalar, turli tanlovlar, musobaqalar tashkil etdik. Tadbirlar davomida ularga O‘zbekistondan kitoblar yetkazib berish choralarini ko‘rdik. Hozirgi pandemiya davrida O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda vebinarlar tashkil qilyapmiz. Yaqin kunlarda Andijon davlat tibbiyot instituti bilan hamkorlikda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq xalqaro onlayn konferensiya tashkil etishni rejalashtirganmiz. Mazkur konferensiyada AQShning Kaliforniya universiteti va Germaniyadagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari olimlari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
- 2019 yil yanvar oyida Prezidentimiz Germaniyaga rasmiy tashrifi chog‘ida o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashuvida Siz ham qatnashgan ekansiz. Bu uchrashuvdan olgan taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
- Albatta, tashrif chog‘ida Prezidentimiz bilan uchrashish, Germaniyada o‘qiyotgan va ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan yoshlar uchun tashkil etilgan suhbat biz uchun unutilmas bo‘ldi. O‘sha paytda kun sovuq edi, ammo suhbat juda iliq, samimiy o‘tdi. Prezident uchrashuvda ishtirok etgan har bir yoshning taklif va mulohazalarini diqqat bilan tingladi, o‘zining maslahatlarini berdi. Jumladan, dunyoning rivojlangan davlatlaridan biri bo‘lgan Germaniyada eng zamonaviy bilim va kasblarni egallab, ona Vatanimizda joriy qilish taklifini berdi. Bu o‘zbekistonlik yoshlar uchun juda yaxshi motivatsiya bo‘ldi, deyish mumkin.
- O‘zbekistonga qaytish niyatingiz bormi?
- Vatanim ravnaqiga oz bo‘lsa-da hissa qo‘shsam, o‘zimni baxtli his qilaman. Buning uchun qayerda bo‘lishimning ahamiyati yo‘q. To‘g‘ri, yurt sog‘inchi har lahzada qalbni qiynab turadi. Bu yerda tajriba to‘playapman. Katta-katta rejalar, loyihalar ustida ishlayapman. Aynan O‘zbekistonda amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan loyihalarimiz ham talaygina. Shuning uchun ham ona Vatanimizga borib ishlash niyatimiz ham yo‘q emas, albatta.
Otabek ShAROFOV suhbatlashdi.