Ispaniya COVID-19 virusidan kasallangan odamlar soni bo‘yicha Italiyaga yaqinlashib qoldi

So‘nggi kecha-kunduzda Ispaniyada 8.1 ming nafar yangi kasallanganlar aniqlandi. Mamlakatda koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 10 ming nafardan oshib ketdi. Keyingi bir kecha-kunduzning o‘zida mamlakatda 950 nafar bemor vafot etdi. Bu haqda bugun Ispaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

COVID-19 virusidan kasallanish soni bo‘yicha Ispaniya deyarli Italiyaga yetib oldi. Italiyada bugungi kungacha, umumiy hisobda 110.4 ming nafar kasallangan qayd etilgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich Ispaniyada 110238 nafarga yetgan.

Ispaniyada favqulodda tayyorgarlik rejimi 11 aprelga qadar uzaytirildi. Aholi faqatgina o‘ta zarur hollarda ko‘chaga chiqishlari mumkin. Jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari xaridi uchun, kasalxonaga yetib olish uchun, sog‘liqlari yomonlashgan odamlarga yordam ko‘rsatish uchun va kasblari taqozo qilgan hodimlarga ishxonaga yetib olishlari uchun ruxsat berilgan. Hukumat 9 aprelga qadar mamlakatdagi barcha hayotiy zarurat bilan bog‘liq bo‘lmagan faoliyatlarni to‘xtatdi.