Munosabat: “Ziyovuddin” omborida ko‘mir mahsulotlari tarqatilmoqda... Afsuski, xonadonlarga olib borib berolmaymiz

Bugun, 27 yanvar kuni viloyatimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid muhim xabar va yangiliklarni muntazam ravishda yoritib borayotgan Zarnews.uz telegram kanaliga Paxtachi tumanidagi Amirobod mahallasida yashovchi fuqaro Uyg‘un Rahmonov “Mahallada svet yo‘qligi, tabiiy gaz uchganligi, ko‘mir mahsulotlarini qayerdan sotib olishni bilmay sarson bo‘layotganligini” bayon etib murojaat qilgan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Temiryo‘lyonilg‘ita’min” boshqarmasi Samarqand birlashgan yonilg‘i ombor xo‘jaligi axborot xizmati shuni ma’lum qiladiki, Paxtachi tumanida “Ziyovuddin” ko‘mir ombori mavjud bo‘lib, mazkur ko‘mir ombori Ziyovuddin shaharchasi “Temiryo‘lchilar”  manzilida o‘z faoliyatini olib bormoqda (mo‘ljal “Ziyovuddin paxta zavodi” ro‘parasi). Hozirda “Ziyovuddin” ko‘mir omborida Angrenda tayyorlangan briket va Qozog‘istondan import qilingan ko‘mir mahsulotlari mavjud. Ayni kunlarda ushbu yonilg‘i mahsulotlari fuqarolarga tarqatilmoqda.

1 tonna Angren ko‘mirining bahosi 300 ming 300 so‘m, 1 tonna briketning bahosi 412 ming 500 so‘m, 1 tonna qozoq ko‘mirining bahosi 635  ming so‘m.

Agar fuqarolarimiz ko‘mir olishda qandaydir muammolarga duch kelayotgan bo‘lsa, (0366) 240-45-11 telefon raqamiga murojaat qilishlari, ko‘mir mahsulotlari qayerda tarqatilayotganligi, viloyatda mavjud ko‘mir omborlari haqida kengroq ma’lumotlar olishlari mumkin. Bundan tashqari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Temiryo‘lyonilg‘ita’min” boshqarmasi Samarqand birlashgan yonilg‘i ombor xo‘jaligining rasmiy @Samarqandkumir telegram kanali ham sizning xizmatingizda.

O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Temiryo‘lyonilg‘ita’min” boshqarmasi Samarqand birlashgan yonilg‘i ombor xo‘jaligi axborot xizmati.