Nega odamlar dardini hokimga aytishni istaydi?
Kasbim taqozosi bilan ikki marta viloyat hokimining sayyor qabulida qatnashib, mana shu savolga to‘liq javob oldim desam ham bo‘ladi. Shu bilan birga qarshimda qator yangi savollar paydo bo‘ldi. Avvalo, murojaatlar mazmuni haqida.
13 may kuni Samarqand shahridagi Vatanparvar bog‘ida o‘tkazilgan bu safargi qabulga kelgan ham oz emas edi – 1400 dan ziyod murojaat tinglandi. Qabulda 150 ga yaqin mutasaddilar ham ishtirok etdi. Eng ko‘p murojaatlar imtiyozli kreditlar ajratish, yer uchastkasi olish, moddiy yordam, uy-joy, yo‘l qurilishi, kommunal soha (ko‘proq elektr energiyasi ta’minoti), kredit, davolanish bilan bog‘liq bo‘ldi.
Kommunal, yo‘l qurilishi kabi masalalarning hokimgacha yetib kelishi tabiiy. Chunki, bu katta mablag‘ evaziga bitadigan muammolar, qolaversa, uzoq yillar davomida tizimda muammolar to‘planib qolgan.
Quyidagi raqamga e’tibor bering: joriy yilda tashabbusli byudjet portalidagi “Mening yo‘lim” loyihasida respublika bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar soni 9200 dan oshgan va salkam ikki million kishi yo‘llar ta’miri bo‘yicha ovoz bergan. Avval o‘tkazilgan tashabbusli byudjet loyihasida g‘olib bo‘lgan 1419 loyihadan 381 tasi aynan ichki yo‘llar bo‘yicha edi. Xulosa qilish mumkinki, hozirda eng muammoli masala – yo‘l. Sayyor qabulda yo‘l bilan bog‘liq barcha murojaatlar ijobiy hal etish maqsadida ro‘yxatga olindi.
Aftidan, Samarqand shahrida hali ham noqonuniy qurilishlar barham topmagan. Ushbu masalada viloyat hokimiga shikoyat qilganlarning deyarli barchasi Samarqand shahridan.
Masalan, shaharning O‘zbekiston ko‘chasida yashovchi Salomat Murtazoyeva ko‘chadagi noqonuniy qurilishdan shikoyat qildi.
Viloyat rahbari holatga baho berish uchun mutasaddilar bilan o‘sha joyning o‘ziga borishini ma’lum qildi.
Yana bir guruh ayollar Vatanparvar mahallasida noqonuniy qurilishlar bor deb murojaat qilishdi. Aytilishicha, ularning uylari yaqini va yo‘l bo‘yida 6 ta qurilish ketmoqda.
Sektor rahbarlari ushbu mahallada ayollar aytgan masalalarni o‘rganadigan bo‘ldi. Chunki gap faqat noqonuniy qurilishlarda emas ekan. “Obod mahalla” dasturi bo‘yicha amalga oshirilgan obodoshlashtirish ishlaridan ham ular norozi.
Bundan bir necha yil oldin tadbirkorlar buzilgan do‘konlari uchun kompensatsiya olishi eng katta muammolardan biri edi. Yillar davomida tovon ololmay sudlashib yurganlarning muammolarini o‘rganib, matbuotga berganmiz. Va keyinchalik bu bo‘yicha qator huquqiy hujjatlar qabul qilinib, tadbirkor roziligi olinmay va kompensatsiya berilmasdan binolar buzilmaydigan bo‘ldi. Ammo ayrim hududlarda bunday holat davom etayotgan ekan: Kattaqo‘rg‘on tumanidan kelgan tadbirkor ayol bir nechta do‘koni buzilgani ammo 6 oydan beri kompensatsiya puli ololmaganidan shikoyat qildi. Holatni ijobiy hal qilish uchun tuman hokimligiga muddat belgilandi.
Ishtixon tumanidan kelgan ayolning murojaati ham e’tiborni tortadi: “20 yil muddatga kreditga olgan uyim allaqachon “to‘kilib” bo‘lgan. Sobiq “Qishloqqurilishinvest” va hozirgi tuman hokimligidan judayam noroziman”.
Mazkur murojaat bo‘yicha ishchi guruh tuzilib joyida batafsil o‘rganib, xulosa va shunga qarab baho beriladigan bo‘ldi.
“Ko‘zimni operatsiya qilish kerak”, “Operatsiyaga pul zarur”, “Farzandimni operatsiya qildirishga imkoniyatimiz yo‘q” – bu kabi murojaatlarning barchasiga mutasaddilar biriktirilib, hal etish qat’iy nazoratga olindi.
Sayyor qabulni kuzatar ekanman bir holat e’tiborimni tortdi: Uzoqroqdan, to‘planib turgan odamlar orasidan bir ayol otilib chiqib, tezlik bilan hokim tomonga intilardi. Ammo tartib saqlash uchunmi, ro‘yxatdan o‘tmagani uchunmi yoxud murojaati asossiz bo‘lganidanmi, xullas, tartib posbonlari ayolni to‘xtatishga harakat qildi. Hokim esa holatni ko‘rib, mikrofonni qo‘liga oldi va “Qo‘yinglar, indamanglar, kelsin!” dedi.
Rad etilgan murojaatlar ham yo‘q emas. “Sartaroshxona qurishim uchun subsidiya kerak” (bu turdagi subsidiya yo‘q). “Devorim qulab tushgan, tiklab bering” (murojaatchining turmush o‘rtog‘i ishlaydi, farzandlari voyaga yetgan, o‘zingiz bajaring), “nogironlik guruhi olib bering” (buning aniq tartibi bor)...
Ochig‘i, viloyat hokimiga “menga birinchi guruh nogironligi olib bering”, deya murojaat qiladiganlar oz emas ekan. Ikki soat ichida uch marta shunday holatga guvoh bo‘ldik. Bunaqasini kutmagandim.
Birinchidan, viloyat hokimi nogironlik belgilamaydi. Umuman, bu jarayon rahbarlarning buyrug‘i bilan bo‘ladigan ish emas.
Ikkinchidan, “1-guruh nogironligi kerak” deyotgan bu kishilar oyog‘i bilan yurib keldi qabulga.
Tabiiyki bu kabi murojaatlar rad etildi. Tegishli komissiya ko‘rib chiqishi kerakligi aytildi.
Masalaning yana bir tomoni bor. Nega fuqarolar bu masalada viloyatning birinchi rahbariga chiqyapti? Nega ular aynan nogironlik belgilaydigan tegishli tashkilotlarga ishonmayapti? Bu tashkilotlarda o‘tkaziladigan ko‘rikda biror sun’iy to‘siq bormi yoki odamlar orasida nogironlik olishga, aniqrog‘i, uning imtiyozlariga qiziqish shunchalik yuqorimi? Holat o‘rganilishi kerak, shekilli.
Urgut tumani Vatak mahallasidan kelgan ayol shunday so‘zlar bilan murojaat qildi: “Ikkita chaqalog‘im bor, ukam nogiron, ajrashganman, ota-onam yo‘q. Uy so‘ramayman, pul so‘ramayman, hovlimning to‘rida devor yo‘q, ayol kishiman, devor qilish juda zarur bo‘lyapti, ammo o‘zimning imkonim yo‘q, mahalladan biror marta yordam olmadim, bir iloj qilib keldim oldingizga...”.
Bizningcha, mazkur murojaat bo‘yicha ortiqcha so‘zga hojat yo‘q, tez orada hokimlik vakillari ushbu manzilga boradigan va yordam beradigan bo‘lishdi.
Bir murojaat shaxsan meni xavotirga soldi: “Medtexnikum bitiruvchisiman, turli ko‘rik-tanlovlarda qatnashganman, masalan “Zavokat” intellektual o‘yini viloyat bosqichiga chiqqanman, menga tavsiyanoma berilsa, test imtihonisiz tibbiyot oliygohiga o‘qishga kirmoqchi edim”.
Ochig‘i, meditsina yo‘nalishida imtihonsiz o‘qishga kirish tarafdori emasman. Mazkur murojaatchining oldiga borib so‘radim: “Yosh ekansiz, ancha faol ko‘rinasiz, testlarga tayyorgarlik ko‘rsangiz bo‘lmaydimi?” U esa oilali ekani va imtihonlarga tayyorlanish uchun imkoni yo‘qligini aytdi. Aytishicha, mahallasida o‘zi tanlagan tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha kadr kerak. Xullas, niyat ezgu, ammo...
Keyingi murojaat: “Internetdan usta topib uyimga mebel yasatgandim, pulni olib chala qilib ketti. Hamma joyga murojaat qildim. Oxiri sizga kelishga majbur bo‘ldim”.
To‘g‘ri, katta muammo emas, ammo masala shuki ayolning hamma joyga qilgan murojaatlari natija bermagan. Holbuki, iste’molchilar huquqlarini himoya qiladigan tashkilotlar bor. Lekin ustaning “chala ishi” ham hokimgacha yetib keldi. Aftidan, qayerga murojaat qilgan bo‘lsa ham uning shikoyatiga yetarli e’tibor berilmagan. Ana shunday murojaatlar oz emasligiga guvoh bo‘ldik.
Aslida qabuldan olgan xulocalarimizdan biri ham shu bo‘ldi. Hozirgi vaqtda aholi muammolari ming bir usulda – xonadonbay deysizmi, mahallabay deysizmi, ishqilib o‘rganilyapti. Ammo ayrim joylarda eng oddiy muammolar ham hal qilinmaganki odamlar uzoq yo‘l bosib hokim qabuliga kelishmoqda. Fikrimizcha, endigi qabullarda bu kabi, joyida hal etsa bo‘ladigan murojaatlarning hududiyligiga e’tibor qaratish, ayniqsa, ularning oldin ayni masala bo‘yicha qayerlarga murojaat etgani va qay tariqa o‘rganilganiga baho berish kerak. Shunda mahalliy organlarda ham murojaatlar bilan ishlashga e’tibor ko‘proq bo‘ladi.
Anvar Mustafoqulov.