Paxtachi mahallalarida ko‘chma savdo do‘konlari ish boshladi
Bugungi kunda joylarda COVID-19 pandemiyasi tufayli karantin tartibi joriy qilinishi sabab asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlariga bo‘lgan talab oshdi. Shu bois Paxtachi tumani hokimligi va tegishli tashkilotlar hamkorligida tuman miqyosida ko‘cha savdo do‘konlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Har kuni har bir mahallada belgilangan tadbirkorlar tomonidan, tuman soliq inspeksiyasi nazorati ostida ko‘chma savdolar amalga oshiriladi. Muhimi, mazkur savdo do‘konlari orqali mahsulotlar arzonlashtirgan narxlarda, doimiy aholi yashash joylarida tashkil etiladi. Bu aholiga qulaylik yaratish bilan birga bozorlar va savdo markazlarida fuqarolarning gavjum bo‘lishining oldini oladi.
Jumladan, tuman markazidan biroz olisda joylashgan Tinchlik mahallasida yakka tartibdagi tadbirkor Tolib Eshmo‘minov tomonidan tashkil etilgan ko‘chma savdodan hudud aholisi mamnun bo‘ldi.
- Mahallamizda 550 ta xonadon bo‘lib, ikki mingdan ortiq aholi yashaydi, - deydi mahalla raisi Nazira Ahmedova. – Aholi asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini xarid qilish uchun 5 kilometrdan ortiq masofada joylashgan “Sultonobod dehqon bozori”ga borib kelishi zarur edi. Bozor haftada bir marta bo‘lardi. Bu ortiqcha xarajat va noqulayliklarni keltirib chiqarardi. Hokimlik tomonidan tashkil qilingan ko‘chma savdo kunda, kunora o‘tkazilishi barchamizga yengillik bo‘ldi. Mahsulotlar arzon, sifatli, muhimi, uyimizdan uzoqlashmaymiz.
Hokimlik tomonidan belgilangan rejaga muvofiq, aholini un mahsulotlari bilan muntazam ta’minlash maqsadida mahallalarda un mahsulotlari savdosi ham amalga oshirilmoqda. Har bir hududga homiy tashkilotlar tomonidan transport vositalari biriktirilib, un mahsulotlari mahalla markazlariga yetkazilmoqda. 50 kilogramm un 145 ming so‘mdan mahalla mutasaddilari tomonidan teng taqsimlangan holda aholiga tarqatilmoqda.
- O‘tgan hafta bozorda unning narxi oshib ketdi, - deydi Xudoyberdi mahallasida yashovchi Hasan Do‘stmurodov. - Oilada yetti jonmiz. Bahor faslida hamma mavsumiy ishlarga kirishadi. Tabiiyki, nonsiz kun o‘tmaydi. Shu bois aholi biroz un yetishmasligidan qiynaldi. Shuning uchun xalqimizda vahima ham ko‘tarildi. Xudoga shukur, xalqimizni o‘ylaydigan davlatimiz, hukumatimiz bor. Mana mahallamizga kelib un tarqatishmoqda.
Alisher ISROILOV.