Politsiyaning xatti-harakati tufayli Vashington va Filadelfiya norozilik namoyishlari qo‘rshovida qoldi

Mingga yaqin odam AQShning Filadelfiya shahrida (Pensilvaniya shtati) bo‘lib o‘tayotgan norozilik namoyishlarida ishtirok etmoqda. Deyarli shu vaqtning o‘zida Vashingtonda politsiya bilan to‘qnashuvlar boshlandi. Bu haqda 28 oktyabr kuni AQSh OAV va mahalliy politsiya xabar berdi.

“Taxminan ming kishidan iborat o‘lkan olomon Kastor va Aramingo hududlaridagi tashkilotlarni tunamoqda. Ushbu hududlarga bormang!”, deyilgan Filadelfiya politsiyasining Tvitter sahifasida.

Ma’lum qilinishicha, namoyishlar oqibatida kamida bitta politsiya avtomobili yoqib yuborilgan, bir nechta tartibni saqlash xodimi jarohatlangan.

Filadelfiyadagi norozilik namoyishlari politsiyachilar tomonidan qora tanli erkak, kichik Uolter Uolles o‘ldirilganidan so‘ng boshlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u qo‘lida pichoq bilan huquq tartibot idoralari xodimlariga yaqinlashishga harakat qilgan. Politsiya xodimlari bir necha bor erkakka qo‘lidagi qurolni tashlashni aytgan. Biroq Uolles bu ishni qilmagan. Oqibatda politsiyachilar unga qarata o‘t ochgan.

Mazkur holat bilan deyarli bir vaqtda, moped haydovchisi o‘limidan so‘ng Vashingtonda ham ommaviy norozilik namoyishlari va politsiya bilan to‘qnashuvlar boshlangan. Bu haqda Washington Post nashri ma’lum qildi.

Nashriyot bergan xabarga ko‘ra, hodisa kechqurun sodir bo‘lgan. Politsiyachilar himoya shlemisiz elektr mopedni harakatlantirib kelayotgan shaxsni ko‘rgan va qoida buzuvchini to‘xtatishga harakat qilgan. Biroq o‘sha vaqtda moped boshqa transport vositasi bilan to‘qnashib ketgan. Halokat oqibatida moped haydovchisi kasalxonada vafot etgan.

Uning o‘limi AQSh poytaxtida namoyishlar ko‘rinishidagi keng jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi. Tartibsizliklar vaqtida namoyishchilar politsiya binosi derazalarini sindirgan va ichkariga chiqindi uloqtirgan. Oqibatda kamida bir nafar politsiyachi jarohatlandi, bir kishi hibsga olindi.