Rahbarlarga oson bo‘lmadi, hisobotlar tanqidiy muhokama qilindi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining ellik yettinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.

Dastlab, bir qator masalalar, jumladan, xalq deputatlari viloyat Kengashining 2021 yil 6 dekabrdagi qaroriga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqidagi, Samarqand viloyatida yuridik shaxslar mol-mulk solig‘ini hisoblashda ko‘chmas mulkning mutlaq qiymatiga kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llash to‘g‘risidagi, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish haqidagi masalalar tasdiqlab olindi.

Shundan so‘ng Samarqand viloyatini 2022–2026 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi va dasturni 2022 yilda amalga oshirish “Yo‘l xaritasi” loyihasi muhokama etildi.

- Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifa va maqsadlardan kelib chiqib, Samarqand viloyatini 2022–2026 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturida yalpi hududiy mahsulot hajmini 390,2 trln. so‘m (1,4 barobar)ga, sanoat mahsulotlari hajmini 176 trln. so‘m (1,5 barobar)ga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini 278,0 trln. so‘m (1,2 barobar)ga, xizmat ko‘rsatish hajmini 254,2 trln. so‘m (2,7 barobar)ga, qurilish ishlari hajmini 65,8 trln. so‘m (1,8 barobar)ga oshirish ko‘zda tutilmoqda, – dedi mazkur masala yuzasidan so‘zga chiqqan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov. – Besh yil davomida 2 897,2 kilometr ichimlik suv tarmoqlarini tortish va rekonstruksiya qilish hisobiga aholining ichimlik suv bilan ta’minlanish darajasini 83,9 foizga, oqova suv tizimi bilan qamrov darajasini 35,6 foizga yetkazish, 25,5 ming xonadonli 784 ta ko‘p qavatli uy qurish rejalashtirilmoqda. Ishsizlik darajasini 9,7 foizdan 6,2 foizga tushirish, 1732 ta oilani qambag‘allikdan chiqarish, 241,5 ming kishining bandligini ta’minlash vazifalari dasturga kiritilgan.

Dasturda ko‘zda tutilgan hududlarning ixtisoslashuvi, viloyatni 2022 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.

Deputatlar dastur va “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritishga qaror qildilar. Mazkur hujjatlar tasdiqlanganidan so‘ng, besh yil davomida amalga oshiriladigan reja va maqsadlardan aholini ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borish zarurligi ta’kidlandi.

Sessiyada viloyatdagi turli soha va tarmoqlarda olib borilayotgan ishlar, Prezident farmon va qarorlarining ijrosi yuzasidan mas’ullarning hisobotlari eshitildi.

Xususan, viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov viloyatda yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etishga ko‘maklashish, yosh avlodning iste’dod va qobiliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida, viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi S.Jumayeva davlatimiz rahbarining 2021 yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan hisobot berdi.

Deputatlar mazkur hisobotlarni ma’qullagan holda ushbu yo‘nalishlardagi ishlarni takomillashtirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Xususan, “Yoshlar daftari”ga kiritilib, belgilangan tartibda moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilgan yoshlarning keyingi taqdiri bilan qiziqish zarurligi ta’kidlandi. Asbob-uskuna yoki kredit berilib, “daftar”dan chiqarilgan yoshlarning hammasi ham hayotda o‘z yo‘lini topib keta olmayotgani, ularni, avvalo, mustaqil hayotga tayyorlash zarurligi qayd etildi.

- Hech kimga sir emas, bugun ko‘plab ota-onalar farzandini yaqinlariga tashlab xorijda ishlayapti, - deydi deputat D.Obloqulova. – Tabiiyki, ular psixolog yordamiga ehtiyoj sezadi. Lekin bugun maktablarimizda yoshlar yetakchisi lavozimi ham qisqardi. Inspektor psixolog shtati esa juda kam va ularga bir nechta maktab biriktirilgan. Shu sababli psixologlar uchun qo‘shimcha shtatlar ajratish masalasi o‘ylab ko‘rilsa yaxshi bo‘lardi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov bu taklifni ma’qullab, tegishli idoralar bilan birgalikda o‘rganib chiqilishini aytdi.

S.Jumayevaga deputatlar “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlar faolligini oshirish va ularni boqimanda bo‘lib qolishdan asrash, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan ayollarga e’tiborni kuchaytirish, xotin-qizlar uchun real ish o‘rinlarini ko‘paytirish, iste’dodli qizlar bilan ishlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdilar. Bu ishlarni quyidan boshlash zarurligi ta’kidlandi.

Viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i L.Hamidov viloyat hududlarida shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilishi ahvoli to‘g‘risidagi hisobotida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi joriy etilgach, sohada ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar bo‘lgani, qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi inspektorlari samarali faoliyat olib borayotganini qayd etdi. Bugungi kunda elektron tizimda 2642 ta ob’yekt ro‘yxatga olingani va ularda 8508 ta monitoring ishlari o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan ta’kidlandi. Ko‘rsatmalar ijrosi ta’minlanmagani uchun 63 holatda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgani aytildi.

Ammo deputatlar boshqarma boshlig‘i hisobotidagi raqamlarni tinglab o‘tirish bilan cheklanmadi. Aniq misollar asosida joylarda noqonuniy qurilishlar davom etayotgani, qurilish ishlarining sifati pastligi haqida e’tirozlarini bildirdi.

Jumladan, Samarqand shahrida aksariyat yangi ob’yektlar atrofida avtomobillar uchun joy ajratilmagani, yangi qurilgan piyodalar yo‘laklarining yaroqsiz holatga kelib qolgani, Nurobod tumanida o‘tgan yil foydalanishga topshirilgan ta’lim muassasasidagi kamchiliklar haqida boshqarma boshlig‘i va mas’ullardan javob so‘raldi.

Deputat B.Nasriyev esa Samarqand shahridagi Geologlar mahallasida shahar hokimi qarori bilan birinchi qavatini mahalla fuqarolar yig‘iniga ajratish va ikkinchi qavatida maishiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yish sharti bilan qurilishiga ruxsat berilgan bino bugungi kunda turarjoy sifatida qurilayotgani, bu haqda boshqarmaga murojaat qilgan bo‘lsa-da, haligacha qurilish ishlari to‘xtatilmaganidan e’tiroz bildirdi. Shaharning “Davlatshoh Samarqandiy” va “Mash’al” mahallalarida ham ana shunday holatlarga yo‘l qo‘yilganini tanqid qildi.

Deputatlar tomonidan qayd etilgan barcha masalalar yuzasidan boshqarma boshlig‘i va soha mas’ullariga topshiriq berilib, har bir ob’yektni o‘rganish va uning natijasi asosida choralar ko‘rish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i M.Ibodullayevning viloyat tashkilotlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i D.Xo‘jamberdiyevning axborot texnologiyalari sohasida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, aholining internet tarmoqlaridan erkin va tezkorlik bilan foydalanishiga oid qonunchilik hujjatlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlari ham tanqidiy muhokama qilinib, bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Bu galgi sessiya ham onlayn tarzda ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyish etilishi bilan birga ushbu jarayonni kuzatib borgan aholining fikrlari, savollariga e’tibor qaratilib, hisobot bergan rahbarlardan izoh so‘raldi.

Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.