Samarqand veterinariya meditsinasi institutida korrupsiya holatlari 70 foizga kamaygan

Mazkur institut tomonidan ishlab chiqilgan ta’lim klasterining mamlakatda hozircha muqobili yo‘q. Bu nima degani o‘zi? Respublikadagi eng yosh prorektor Samarqand veterinariya meditsinasi institutida ishlashini bilasizmi? O‘tgan yillarda institut ma’muriyatidan norozilar nega ko‘paydi? Xorijlik bir kelib-ketishi 5 ming AQSh dollariga tushgan veterinar mutaxassisning ishini shu institut tadqiqotchilari amalga oshirgani ham bor gap.

Viloyat matbuot uyida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori boshchiligidagi jamoa ishtirokida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumanida shu kabi dolzarb masalalar xususida so‘z bordi.

-   Juda ko‘p davlatlarning ta’lim tizimini o‘rganib, bevosita o‘sha jarayonda ishtirok etgan kishi sifatida aytishim mumkinki, bugun mamlakatda olib borilayotgan ta’lim islohotlari natijadorligi bilan ahamiyatli, - deydi institut rektori, biologiya fanlari doktori Xudoynazar Yunusov. – Bugun har bir oliy ta’lim dargohini o‘z imkoniyatlaridan, yo‘nalishidan kelib chiqqan holda rivojlantirish, takomillashtirish bo‘yicha loyihalarni amaliyotga tatbiq etish uchun Prezidentimiz imkoniyat yaratib berdi. Shu imkoniyatdan foydalangan holda biz institutimiz klaster tizimi loyihasini ishlab chiqdik. Institutimiz bevosita chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va boshqa shu kabi xo‘jaliklar bilan ayni paytda 21 ta shartnoma imzolagan, ilmiy-amaliy hamkorlik maqsadida yuzlab shartnomalarimiz bor. Ta’lim klasterida nafaqat talabalar o‘qishni bitirganidan keyin, balki institutga kelishidan oldingi jarayon, akademik litsey, kollejni ham qamrab olib, o‘quv dasturlari institut bilan hamkorlikda tuziladi. Maqsad bitta – institutda shu sohaning haqiqiy qiziquvchilari tahsil olsin va yildan-yilga ko‘lami oshayotgan turli yo‘nalishlardagi xo‘jaliklarni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shsin.

Anjuman davomida institutda keyingi yillarda nafaqat  talabalar, balki o‘qituvchilarning bilim-saviyasi doimiy ravishda tegishli  ravishda, ma’lum qoidalar asosida baholangani aytildi. Buning natijasi ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lgani ham bor gap. Misol uchun, o‘tgan yili 69 nafar bitiruvchi talabaning davlat imtihonidan o‘tkazilmay qaytarilgani, 47 nafar o‘qituvchilar bilan yangi yil uchun aniq shartlar, ya’ni o‘z ustida izlanish va reyting darajasini ko‘tarish vazifasi qo‘yilgan holda shartnoma tuzilgani shular jumlasidandir.

- Institutimizda yo‘lga qo‘yilayotgan bunday shaffoflik, aniq talab to‘g‘risini tan olish kerak, avvaliga ko‘pchilikka ma’qul kelmadi va bundan norozi bo‘lib e’tirozlarini turli idoralarga bildirdi, - deydi institut prorektori, professori A.Daminov. – Har bir ish qonuniy asosda tashkil etilgani, muhimi, maqsad ta’lim sifatini yaxshilash, tahsil oluvchilarga samarali ta’lim va o‘qituvchilar o‘z navbatida o‘z vazifasini sidqidildan ado etishini tashkil etishdan iborat edi. Tabiiyki, qo‘l uchida ishlashga o‘rganganlar uchun bu yoqmadi. Sog‘lom muhit yuzaga kelgani uchun ilmiy ish qiluvchilar soni oshdi. O‘tgan yili 19 nafar o‘qituvchilar PhD darajasini, 3 nafari doktorlik darajasidagi ishini himoya qildi. Bu yil ularning soni yanayam ko‘proq.

- Birinchi navbatda, talablarning fikri e’tiborga olinmoqda, - deydi institutning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori A.Gapparov. - Deylik, yaqinda talabalarning dars berish bo‘yicha e’tirozlari tufayli ikki guruhning o‘qituvchilari o‘zgardi. Talabalarning fikrini o‘rganish uchun telegram guruhlar tashkil etilib, anonim so‘rovlar doimiy ravishda o‘tkazib boriladi. Shu anonim so‘rovlar natijasida institutda korrupsiya holati 70 foizga kamaygani aniqlandi. Bugungi talaba shaffoflikka o‘rgandi, undan hech nimani sir tutib bo‘lmaydi va shaffoflik bilim olish uchun yaratilgan muhim sharoitdir.

Darvoqe, institutning yoshlar masalalari bo‘yicha prorektori 34 yoshda bo‘lib, mamlakatdagi eng yosh o‘rinbosarlardan biridir.

Anjuman davomida instutda, shuningdek, o‘tgan o‘quv yilida Belarus davlati bilan hamkorlikda tashkil etilgan fakultet va boshqa yangiliklar xususida ham ma’lumotlar berildi. Matbuot anjumani yakunida boshqa oliy ta’lim dargohlarida shaffoflikka e’tibor, korrupsiyaga qarshi kurash borasida shunday tizim yo‘lga qo‘yilganmikan, deb qiziqdik.

Gulruh MO‘MINOVA.