Samarqand viloyatida 17 152 ta geografik ob’yektning 9547 tasi davlat reyestriga kiritilgan. Qolganlari-chi?

Tahlillarga ko‘ra, hududlarda geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash borasidagi masalalar bilan tizimli ravishda shug‘ullanilmaganligi hamda Kadastr agentligi bilan hamkorlik tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida hozirga qadar mavjud geografik ob’yektlarning nomlari davlat reyestriga to‘liq kiritilmagan.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Samarqand viloyatida 17 152 ta geografik ob’yektning 9547 tasi, ya’ni 55,7 foizi davlat reyestriga kiritilgan, xolos. Xuddi shunday Farg‘ona viloyatida 13 775 tadan 7571 tasi, Sirdaryo viloyatida 7106 tadan 4209 tasi, Toshkent viloyatida 13 880 tadan 9230 ta geografik ob’yektlar davlat reyestriga kiritilgan. Ya’ni, hozirga qadar hech bir hududda geografik ob’yektlar to‘liq xatlovi amalga oshirilmagan, ularning nomlari davlat ekspertizasidan o‘tkazilmagan va davlat reyestriga kiritish uchun Kadastr agentligi bilan hamkorlikda oxiriga yetkazilmagan.

Birgina ko‘chalar misolida Samarqand viloyati tahlil qilinganda 5602 ta, ya’ni 46,8 foiz ko‘chalarga nom berilgan. Qolgan ko‘cha nomlari davlat ekspertizasidan o‘tkazilmagan hamda davlat reyestriga kiritilmagan.

Shuningdek, ayrim geografik ob’yektlar bo‘yicha hududiy hokimliklarning ma’lumotnomalarini davlat reyestridagi ma’lumotlar bilan solishtirganda ham tafovutlar aniqlandi.

Samarqand viloyatida hudud ma’lumotida 12 ta maydon bo‘lsa, davlat reyestrida bitta ham yo‘q, hudud ma’lumotida 22 ta istirohat bog‘i bo‘lsa, davlat reyestriga 6 ta, shuningdek, 9 ta xiyobon, 52 ta ziyoratgoh, 1495 ta qabriston davlat reyestriga kiritilmagan.

Yuqoridagi kamchilik va muammolarni bartaraf etish maqsadida viloyat hokimligi tomonidan 2021 yil 13 fevralda 12-01/294-sonli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan va ijro uchun tegishli tashkilotlarga yuborilgan. Aniqlangan kamchiliklarni oldini olish maqsadida viloyatda bir qator amaliy ishlar bajarilgan. Viloyatdagi shahar va tumanlarda davlat reyestriga kiritilmagan geografik ob’yekt nomlari qayta xatlovdan o‘tkazilmoqda. Aniqlangan geografik ob’yektlar tegishli tartibda tuman va viloyat komissiyalaridan o‘tkazish hamda ekspertiza xulosalarini olish choralari ko‘rilmoqda. Masalan, Narpay tumanida davlat reyestriga kiritilmagan 16 ta aholi punkti, 96 ta qabriston va 2 ta ziyoratgoh nomlarini, Past Darg‘om tumanida davlat reyestriga kiritilmagan 131 qabriston, 1 ta maydon, 1 ta istirohat bog‘i, 15 ta ko‘cha nomlarini nomlash bo‘yicha takliflar geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha viloyat komissiyasiga taqdim qilingan.

Viloyatdagi davlat reyestriga kiritilmagan geografik ob’yektlarni to‘liq reyestrga kiritish ishlarini yakunlash joriy yilning ikkinchi choragiga belgilangan.

Xurshida Ernazarova.