SamVMIda ZOOM tizimida videouchrashuv: Talabalar bajargan nazorat ishlari, malaka amaliyotlari nazoratga olinadi
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori, professor Xudaynazar Yunusov videouchrashuv o‘tkazdi. ZOOM tizimida, onlayn tarzda tashkil etilgan mazkur videomuloqotda soha prorektorlari hamda kafedralar mudirlari ishtirok etishdi.
Mamlakatimizda qayd etilgan koronavirus pandemiyasi tarqalib ketishining oldini olish maqsadida joriy etilgan karantin munosabati bilan professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar 16 aprel sanasidan o‘qishdan ozod etilgan. Aniqrog‘i, Hukumat qarori asosida mamlakatimizning barcha ta’lim muassasalari faoliyati noma’lum muddatga, vaqtincha to‘xtatilgan edi. Shuningdek, karantin muddatining cho‘zilishi munosabati bilan barcha ta’lim dargohlari joriy yilning 1 aprel sanasidan masofaviy ta’lim tizimiga o‘tdi.
Ayni kunda barcha fanlarning elektron o‘quv resurslari masofaviy ta’lim platformasida joylashtirilmoqda. Shuningdek, videodarslar institut rasmiy veb-sayti, telegram guruhlarida ham olib borilmoqda.
Institut rahbari mazkur uchrashuvda kafedra mudirlari bilan mazkur videodarslarni samarali tashkil etish, bu darslarga barcha talabalarni jalb etish, oraliq, joriy va hokazo nazorat ishlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish borasida fikr-mulohazalar almashdi. Bu borada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari yuzasidan kelishib olindi.
Ayni kunda institutda 23 ta kafedra mavjud. Bu kafedralarda faoliyat ko‘rsatuvchi professor-o‘qituvchilar endilikda odatdagidan o‘zgacha tarzda dars mashg‘ulotlari olib borishlari zarurligi rahbar tomonidan alohida ta’kidlandi.
Rektorning ta’kidlashicha, bu jarayonda barcha talaba-yoshlarni qamrab olish, hech kim e’tibordan chetda qolmasligi ham muhim masala. Biz talaba bilan auditoriyada yuzma-yuz mashg‘ulot o‘tishga ko‘nikkanmiz, ma’ruza o‘qiymiz, imtihon olamiz, savol-javob qilamiz.
Bu amaliyot, ya’ni masofaviy ta’lim barchamiz uchun biroz murakkab kechishi mumkin. Negaki, bu tizim bizda endigina, vaziyat taqozosi bilan joriy etilmoqda. Ammo dunyo tajribasida bu amaliyot yangilik emas. Rivojlangan mamlakatlarda bu anchadan buyon mavjud va samarali ekanligi isbotlangan. Ilm olishni istagan kishi har qanday yo‘l bilan bunga erishadi.
Vaqt kutib turmaydi. Talabalarning bilim olishi, o‘quv-malaka amaliyotini o‘tashi va kelajakda yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishishi lozim. Bu jarayonda Sizning ko‘p yillik pedagogik tajribangiz qo‘l kelishiga ishonaman. Endilikda bor mahoratingizni onlayn-darslarni yoshlar uchun qiziqarli va maroqli tarzda tashkil etishga sarflaysiz, deb umid qilaman. Bugundan mehnat ta’tili nihoyasiga yetdi va yangicha ish jarayoniga kirishasiz.
To‘g‘ri, bu o‘rinda talabalar ham ba’zi noqulayliklarga duch kelishi mumkin. Negaki, talabalarimizning aksariyati qishloq joylarda, respublikamizning chekka hududlarida istiqomat qilishadi. Bu hududlarda esa internet tezligi o‘ta past. Bu vaziyatda talaba darslarni qanday o‘zlashtiradi? Ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar, telegram guruhlari ishlamagan vaziyatda, elektron pochta va boshqa resurslardan foydalanish lozimligi, bilim olish uchun har qanday imkoniyatni ishga solish kerakligini yoshlarimiz ongiga singdirishimiz lozim.
Shuningdek, talabalarning internetdagi chiqishlarini (veb-sayt va telegram kanallaridagi videomurojaatlar) shaxsan kuzatib boryapman. Bu meni va barcha ustozlarni mamnun qiladi. Ular bugungi vaziyatdan, sinovli kunlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, uyda o‘tirib, vaqtlarini o‘zlari uchun foydali mashg‘ulotlarga sarflamoqda. O‘z murojaatlarida xalqiga, do‘stlariga, ustozlariga yaxshi xabarlar yo‘llamoqda, xalqimizga hamdardlik va xayrixohlik bildirmoqda. Bu ularning bugungi murakkab vaziyatdagi faol fuqarolik pozitsiyasini ham anglatadi.
Shu bois talabalar tomonidan bajariladigan nazorat ishlari, malaka amaliyotlari belgilangan jadval asosida, o‘z vaqtida olib borilishi kerak. Buning mas’uliyati va nazorati barchamizning zimmamizdagi mas’uliyat.
Videomuloqot davomida professor-o‘qituvchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha institut rahbariyatiga murojaat qildi. Shunday onlayn uchrashuvlarni lozim paytda, zaruriy masalalar bo‘yicha tashkil etishga kelishib olindi.
Gulchehra BERDIYoROVA.