Suv tejamkor texnologiya joriy etgan xo‘jalikka qancha subsidiya beriladi?
Mintaqamizda suv tanqisligi bilan bog‘liq vaziyat yildan-yilga murakkablashib bormoqda. Jumladan, bu yil o‘tgan yilga nisbatan deyarli barcha hududlarda suv ancha kamaygani jiddiy qiyinchilik keltirib chiqardi.
Ushbu sharoitda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, hosildorlikni muttasil ravishda oshirib borish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash oldimizda turgan dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Respublikamiz, xususan, viloyatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ekin yer maydonlaridan yiliga kamida 2-3 martadan hosil olish natijasida suvga bo‘lgan talab yanada ortmoqda.
Bundan keyin ehtiyojni qondirish uchun suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish lozim.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 25 oktyabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori sohaga zamonaviy tejamkor texnologiyalarni qo‘llashda yengilliklar yaratdi. Xususan, suv tejovchi vositalar joriy qilingan 1 gektar maydon uchun 8 million so‘m, 1 gektar yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi uchun 4 million so‘mdan hamda 1 gektar diskertli sug‘orish texnologiyasi uchun 1 million so‘mdan subsidiya beriladi. Shuningdek, maydonlarga tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilgandan 5 yil muddatga yer solig‘idan ozod qilingan.
Shu o‘rinda tejamkor texnologiyani joriy etgan xo‘jaliklarning subsidiya olish tartibiga oydinlik kiritsak. Bu maqsadlar uchun subsidiya byudjet mablag‘lari hisobidan beriladi. Buning uchun har bir tumanda sohaga aloqador idoralarning vakillardan iborat maxsus komissiyalar tashkil etilgan. Zamonaviy texnologiya to‘liq joriy etilgandan so‘ng ular tomonidan tasdiqlanadi va subsidiya olish uchun xulosa beriladi.
Viloyatda hozirgacha mavjud yer maydonlarining 34 ming gektarida (9 foizi) suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi.
Jumladan, 21,6 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish (6068 gektar paxta, 10 ming 853 gektar bog‘, 2768 gektar uzum va 1912 gektar sabzavot), yomg‘irlatib sug‘orish tizimi 120 gektar (sabzovot va boshqa ekinlar)da, 12,4 ming gektar paxta va g‘alla maydonlarida ko‘chma egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish texnologiyasi joriy etildi.
2020 yilgacha viloyatda 16 ming gektarda yoki umumiy sug‘oriladigan maydonning 4,2 foizida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan bo‘lsa, joriy yilda 5,65 ming gektarda ushbu texnologiya qo‘llanildi. Egatlab sug‘orish oqibatida yiliga qariyb 400-450 million metr kub yëki 15 foiz suv dalada behuda sarflanadi. Bu esa nasos stansiyalari va sug‘orish quduqlari uchun sarflanayotgan elektr energiyasi xarajatlari isrof bo‘ladi. Mutaxassislar bilan birga tomchilatib sug‘orish joriy qilingan 4 ming 500 gektar paxta maydonida suv sarfini tahlil qildik. Agar bu maydonni an’anaviy yo‘l bilan sug‘organimizda o‘rtacha 28 million 350 ming kub metr suv ishlatiladi, tomchilatib sug‘orishda ushbu maydonlarga 17 million 250 ming kub metr suv sarflandi yoki 11 million 100 ming kub metr suv tejaldi.
Farhod RAJABOV,
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i.