Suyak sho‘rva: organizm uchun foyda yoki zarar?
Suyak sho‘rva salomatlik uchun bir qator afzalliklarga ega. Bundan 2500 yil avval Xitoy tibbiyotida suyak sho‘rvadan buyraklar faoliyati va ovqat hazm qilish tizimini mustahkamlash uchun dori sifatida foydalanishgan.
Jelatin va oqsilga boy suyak sho‘rvasi salomatlik uchun muhim bo‘lgan ozuqa moddalarini o‘z ichiga oladi. Tadqiqotlar muntazam ravishda ushbu sho‘rvani iste’mol qilish bo‘g‘imlardagi og‘riqni yengillashtirishi va suyaklarning sog‘lom o‘sishiga yordam berishini, teri holatini yaxshilab, immunitetni oshirishini ko‘rsatgan.
Bundan tashqari, ajoyib kollagen manbai hisoblangan bu mahsulot yaralarni davolash, ko‘rkam va elastik teri, soch tolalari hamda suyaklar mustahkamligi uchun foydali. Shu bilan bir qatorda kalsiy, fosfor, marganets, glitsin kabi qator darmondorilar tanaga go‘zallik va chaqqonlik beribgina qolmay, balki immunitet tizimini ham mustahkamlaydi, ovqat hazm qilish faoliyatini yaxshilaydi.
Bu sho‘rva xonimlarni qiziqtiradigan yana bir xususiyatga ega. Ya’ni, tarkibdagi kollagen vazn yo‘qotish uchun samarali yordamchi ekan. Kollagen iste’moli ayollarga mushaklar massasini saqlab qolgan holda tanalaridagi yog‘lardan xalos bo‘lishga yordam berar ekan. Shuningdek, kollagen shikastlanishlarning oldini olish va to‘qimalarni tiklash uchun ham foydali.
Suyak sho‘rvadagi glitsin moddasi metabolizmda, jigar faoliyatini yaxshilaydi hamda organizmda xolesterin, insulin va oshqozon kislotasi miqdorini nazorat qiladi.
Mol suyaklaridan tayyorlangan taomlar to‘yimli va kuchli bo‘lib, organizmda temir tanqisligi, og‘ir jismoniy zo‘riqishlardan keyin tiklanish uchun ayni muddao.
Mahsulot yurak-qon tomir tizimi faoliyatini muvofiqlashtirib, asab tizimini mustahkamlashga yordam beradi.
Suyaklardan tayyorlangan sho‘rva tanani kaliy, fosfor, V guruh darmondorilari, temir, natriy, oqsil, aminokislotalar bilan to‘ydiradi.
Sho‘rvadagi oqsil ichak shilliq qavatini tiklash bilan ovqat hazm qilish uchun sog‘lom muhit yaratadi. Ichaklar faoliyatini yengillashtirish evaziga kun davomidagi yaxshi kayfiyatni ham ta’minlaydi.
Bu taomning yog‘li va yuqori kaloriyali ekanligini inobatga olib uni har kun iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
Shuningdek, buyrak tosh kasalliklari bemorlari ham suyak sho‘rva iste’molida shifokor maslahatini olganlari ma’qul. Chunki proteinli ovqatlar buyrakda tosh paydo bo‘lishining oldini olishga yordam beradigan sitrat miqdorini kamaytiradi. Shu sababli buyrakda tosh yig‘ilishi va podagra bilan og‘rigan bemorlarga suyak sho‘rva tavsiya etilmaydi.