Testda shaffoflik qanday ta’minlanadi?
Kyecha oliy ta’lim muassasalariga onlayn hujjat topshirish yakunlandi. Demak, navbat test jarayonlariga. Keyingi yillarda OTMlarga kirish imtihoni ochiq maydonlarda bo‘lib o‘tmoqda. Imtihonlarning shaffof o‘tishi uchun bu joylarda zarur shart-sharoitlar yaratilyapti. Xo‘sh, bu yilgi test sinovlari jarayonlariga qanday tayyorgarlik ko‘rildi? Shu va boshqa savollar bilan Davlat test markazi viloyat bo‘limi boshlig‘i Vohid Sirliboyevga murojaat qildik.
- Test sinovlarining shaffof o‘tishi uchun imtihon jarayonida qanday choralar qo‘llaniladi?
- Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari ketmoqda. O‘tgan yillar tajribasidan ma’lumki, test sinovlari shaffof va adolatlilik asosida o‘tkazilmoqda. Jarayonni butun mamlakat bo‘ylab to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoniyati yaratilgan.
Buning uchun test sinovlari o‘tkaziladigan joylar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan shaxsni identifikatsiyalash vositalari (videofiksatsiya va barmoq izlarini tekshiruvchi vositalar) videokuzatuv, mobil aloqa to‘lqinini to‘suvchi qurilmalar bilan ta’minlanishi hamda vazirlik test sinovlari jarayoni bo‘yicha video yozuvlarini test sinovlari o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markaziga topshirishi yuklatilgan. Ushbu talablar bilan birgalikda shaffoflikni ta’minlash maqsadida har bir guruh uchun videokuzatuv, onlayn translyasiya uchun qo‘shimcha videokuzatuv kameralari hamda 360°da tasvirga oladigan kameralar o‘rnatiladi.
- O‘tgan yili Samarqandda qancha abituriyent birovning o‘rniga kirishga uringandi? Bu yil o‘ringa o‘rin kirishga uringanlar qanday aniqlanadi?
- O‘tgan o‘quv yili uchun test sinovlari jarayonida boshqa abituriyentning o‘rniga kirishga urinish holatlari 5 marotaba sodir etilgan. Abituriyentlar to‘liq shaxsni identifikatsiyalash vositalari orqali o‘tkazilib, mabodo shaxsi tasdiqlanmasa, pasport stoli mas’ul xodimlari tomonidan barmoq izlari orqali shaxsiga aniqlik kiritilishi ta’minlanadi.
- Hozirgi texnika taraqqiyoti avj olgan paytda abituriyentlar ko‘z ilg‘amas chip va shunga o‘xshash vositalar bilan test sinovlariga kirishga urinishi holatlari kuzatilmoqda. Tekshiruv jarayonida bunday buyumlar qanday aniqlanadi?
- Test sinovlari o‘tkaziladigan hududga kirishda abituriyentlar shaxsni identifikatsiyalash yo‘lagigacha bo‘lgan oraliqda, maxsus kabinalarda IIB hamda Milliy gvardiya xodimlari tomonidan telefon, chip va shunga o‘xshash qurilmalarni o‘zlari bilan olib kelganligi tekshiriladi. Mabodo tekshirish jarayonida ham aniqlanmasa, test sinovlari paytida DTM vakillari tomonidan maxsus dasturlar yordamida chip qurilmalari mavjudligi tekshiriladi hamda nazoratchilar tomonidan abituriyentning shubhali harakatlari kuzatilganda, maxsus xonada IIB tergov guruhi mas’uli tomonidan tekshiruvdan o‘tkaziladi.
- O‘tgan yili o‘zini nogiron deb ko‘rsatgan ba’zi sog‘lom talabalar imtiyoz orqali o‘qishga kirishga uringandi. Ayting-chi, o‘sha qallob abituriyentlarning taqdiri nima bo‘ldi?
- Nogironligi bo‘lgan abituriyentlarning nogironlik bo‘yicha ma’lumotlari Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining bazasi – “TMEK” dasturidan real vaqt rejimida olinadi. Lekin nogironligi bo‘lgan ayrim abituriyentlarning ma’lumotlari “TMEK” dasturidan real vaqt rejimida kelmayotgani sababli my.dtm.uz saytida nogironlik bo‘yicha imtiyoz ma’lumotlarini kiritish imkoniyati yaratilgan.
O‘tgan yilgi onlayn ro‘yxatdan o‘tishda o‘zini nogiron deb ko‘rsatib, imtiyoz asosida o‘qishga tavsiya qilingan holatlar ham bo‘ldi. Samarqand viloyatida 20 nafar nogironligi bo‘lmagan shaxslarning ma’lumotlari bazada nogiron deb ko‘rsatilishi kuzatilgan. Bu haqda viloyat tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasiga yozma murojaat qilingan. Talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar hujjatni taqdim qila olmaganligi sababli o‘qishdan chetlashtirilgan.
- Test sinoviga abituriyentlar o‘zlari bilan qanday hujjatlarni olib kelishi kerak?
- Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda abituriyent test sinovlari o‘tkaziladigan kuni tegishli hududga test boshlanishidan bir soat oldin faqat abituriyent ruxsatnomasi va pasporti (u bo‘lmagan holda, shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat) bilan yetib kelishi belgilab qo‘yilgan.
- Abituriyentlarga ro‘yxatdan o‘tishda tanlov ustuvorligini belgilashga imkon berilmoqda, ya’ni abituriyent “Davlat granti” yoki “Davlat granti va to‘lov-kontrakt” degan ustundan birini tanlashi kerak. Tanlov ustuvorligi o‘tgan yili joriy etilgan bo‘lib, ba’zi abituriyentlar tushunmasdan belgilagan holatlar ham kuzatilgandi. Shu haqda batafsil tushuntirsangiz.
- Abituriyentlarga onlayn ro‘yxatdan o‘tish vaqtida 5 tagacha ta’lim yo‘nalishi bilan birga tanlov ustuvorligini ham tanlash imkoniyati yaratilgan. Bunda abituriyent ustuvorlik sifatida:
Davlat grantini tanlasa - tanlagan barcha ta’lim yo‘nalishlarida dastlab davlat granti asosida, so‘ngra to‘lov-kontrakt asosida;
Davlat granti va to‘lov-kontraktni tanlasa - har bir ta’lim yo‘nalishida davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ketma-ket tanlovda ishtirok etadi.
Bunda tanlov abituriyent tanlagan ta’lim yo‘nalishlarining qat’iy ketma-ketligi bo‘yicha u tanlagan ustuvorlik (“Davlat granti” yoki “Davlat granti va to‘lov-kontrakt”) asosida amalga oshiriladi.
Shuning uchun abituriyentlardan ustuvorlikni belgilashda e’tiborli bo‘lishlarini so‘raymiz.
- Bu yil abituriyentlar beshta oliy ta’lim muassasasini belgilayotganida kunduzgi, sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakllarini aralash belgilashi mumkinmi?
- Joriy yilgi test sinovlarida ham beshtagacha ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati mavjud. Beshta yo‘nalish degani, beshta oliy ta’lim muassasasi degani emas. Ya’ni, abituriyent beshta universitet yoki institutni tanlashi shart emas. Bitta OTMning beshta yo‘nalishini tanlashi ham mumkin. Beshta yo‘nalish tanlayotganda eng asosiy bitta shart bor: mutaxassislik blokidagi fanlar ketma-ketligi mos kelishi kerak.
Fanlar ketma-ketligi mos bo‘lsin deganda, 3,1 va 2,1 ball beriladigan ikkita fan to‘g‘ri ketma-ketlikda joylashishi kerak.
Joriy yildan ta’lim shakli bir xil bo‘lishi shart emas. Ya’ni, endi abituriyent bir paytning o‘zida sirtqi, kunduzgi, kechki va masofaviy ta’limni tanlash mumkin.
- Imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlar tanlagan beshta yo‘nalishning barchasiga imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilinadimi?
- Bugungi kunda ko‘pchilik tomonidan shu savol berilmoqda. Ma’lumki, ayrim toifa abituriyentlar uchun umumiy kvotadan tashqari alohida kvotaga tanlov bo‘ladi. Masalan, harbiy tavsiyanoma olganlar, harbiylar, IIV Milliy gvardiya, bojxona tizimi xodimlarining farzandlari, tavsiyanoma olgan ehtiyojmand xotin-qizlar, so‘xlik abituriyentlar, nogironligi bor yoki Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va hokazo.
Davlat komissiyasining 1-son bayoni bilan OTMga o‘qishga kirish uchun qo‘shimcha qabul parametrlari ajratiladigan imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlar imtiyoz doirasida faqat o‘zlari tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etishi belgilandi. Faqat nogironligi bo‘lgan shaxslar va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar uchun beriladigan imtiyoz bundan mustasno. Ya’ni, mazkur imtiyozlar beshta ta’lim yo‘nalishi uchun ham o‘rinli.
Xurshida Ernazarova suhbatlashdi.