To‘y xarajati o‘rniga avtomashina
Keksa otaxon-u onaxonlarimiz duoga qo‘l ochar ekan to‘ylarga yetkazsin, deya niyat qiladi. Koronavirus pandemiyasi sabab ommaviy tadbirlar vaqtinchalik to‘xtatilgan edi. Asta-sekin hududlarimizning “sariq” va “yashil”ga o‘tishi munosabati bilan to‘ylarni ixcham, 30 kishi bilan, karantin qoidalariga rioya qilgan holda o‘tkazish tartibi belgilandi.
Xo‘sh, bugun karantinda to‘ylarimiz qanday o‘tmoqda?
Ijtimoiy tarmoqlarda viloyatlarimizda o‘tkazilayotgan 30 kishilik to‘ylar aks etgan lavha qo‘yildi. Hovlida fayzli, yaqin qarindoshlar ishtirokida tashkil etilgan bu to‘ylarga odamlarning munosabati ijobiy ekanligi kishini quvontiradi. Bildirilayotgan fikrlarda yoshlarning baxtli hayoti asosiy o‘rinda ekanligi aks ettirilgan.
Tanishlarimdan birining aytishicha, yaqinda xuddi shunday 30 kishilik nikoh va sunnat to‘yi o‘tkazilibdi.
– Ko‘p qavatli uyning hovlisiga 4 kishilik stol-stul qilib, 30 kishiga dasturxon bezatildi, - deydi tanishim. - Sunnat to‘yi oraliq masofani saqlagan holda fayzligina o‘tdi. To‘ybola davrani to‘ldirib, shodon o‘ynab yuribdi. Yosh hofiz torini olib, jonli ijroda ajoyib taronalarni kuyladi. To‘ylarda g‘ashingizga tegadigan raqqosalar yo‘q. Biram fayzli bo‘ldiki, qani endi to‘ylarimiz mana shunday o‘tsa, deya xayolimdan o‘tkazdim. U orzu-havas bilan farzandining sunnat to‘yiga pul yig‘ib yurgan ekan. Endi qolgan puliga mashina olishini aytdi.
Karantin davrida nikoh to‘yida ham bo‘ldim, u ham ajoyib o‘tdi. To‘y egasining aytishicha, 30 kishilik dasturxon va boshqa xarajatlardan ortgan pulga yoshlar uchun qurilayotgan uylarning boshlang‘ich to‘lovini to‘lasa bo‘lar ekan. Qarang, bir kunlik to‘y uchun qancha pul sarflar ekanmiz. Bo‘larkan-ku shunday to‘ylarni o‘tkazsak.
Bugun karantin bizga ko‘p narsalarni o‘rgatdi va yodimizga soldi. Birgina to‘ylar misolida oladigan bo‘lsak, ko‘zimiz ko‘rsa-da aqlan tan olmaydigan jihatlarimiz borligiga amin bo‘ldik. O‘nlab avtomashinalarda kuyov jo‘ralar va kelin dugonalarni olib yurgan karvonga hecham hojat yo‘q, ikkita mashinada yursa ham bo‘larkan. Yuzlab odamlarni bag‘riga sig‘dira olmagan to‘yxonalar, navbat talashgan san’atkorlar ham bir chetda qoldi. “Yor-yor” filmi yodingizda bo‘lsa, o‘shanaqa kichikkina davrada, baxtiyor chehralar qurshovida bugungi to‘ylarimiz o‘tayotgani ajoyib.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.