Vafoqulovning muammosini kim hal qiladi?

2020 yil 29 iyul kuni saytimizda va "Zarafshon" gazetasining shu yil 30 iyul, 85-sonida chop etilgan «Mas’ullarning mas’uliyatsizligi yangi muammolar kelib chiqishiga sabab bo‘lyapti» maqolasida ko‘tarilgan masalalar mutasaddi idoralar rahbar va xodimlari tomonidan o‘rganildi. O‘rganish natijalari bo‘yicha Paxtachi tumani hokimligi hamda sohaga aloqador korxona-tashkilot rahbarlari tahririyatimizga javob xati yo‘lladi.

***

“Zarafshon” gazetasida bosilgan maqola va Ahmad Vafoqulovning murojaati yuzasidan viloyat «Yermulkkadastr» davlat korxonasi va Paxtachi tumani filiali mutaxassislaridan iborat ishchi guruh masalani joyida, murojaatchi ishtirokida o‘rganib chiqdi. Aniqlanishicha, A.Vafoqulov tadbirkorlik qilish uchun Mirzo Nodim mahallasi hududidagi bo‘sh yer maydonini auksion savdosiga qo‘yib berishda amaliy yordam so‘ragan.

O‘rganish davomida A.Vafoqulov tomonidan so‘ralayotgan yer maydoni sug‘orilib haydaladigan yer maydoni toifasiga kirishi, shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5742-sonli farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 dekabrdagi “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun bo‘sh turgan yer uchastkalarini berish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1023-sonli qaroriga asosan ushbu yer maydonini auksionga qo‘yish mumkin emasligi aniqlandi. Bu haqida avval ham A.Vafoqulovga javob xatlari berilgan.

A.Vafoqulov ushbu yer maydonida faqat dehqon xo‘jaligi tashkil etishi mumkin. Buning uchun fuqaro Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 30 apreldagi «Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Paxtachi tumani hokimi nomiga ariza bilan murojaat qilishi, shundan keyin tuman hokimligining yer berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiyasi xulosasiga asosan tuman hokimining qarori qabul qilinishi kerak. Ushbu hujjat davlat ro‘yxatiga olingandan keyin kuchga kiradi va dehqon xo‘jaligi uchun ajratilgan yer maydonidan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Aynan shu yer uchastkasida tumanning «Hunarmand» mahallasida yashovchi fuqaro M.Siddiqova tomonidan o‘zboshimchalik bilan 0,06 gektar yer maydoni egallab olinib, issiqxona qurish uchun yog‘och o‘rnatmalar qurilgan. Ushbu harakat noqonuniy ish ekanligi bois tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi tomonidan fuqaro M.Siddiqovaga ogohlantirish xati berilgan. Shuningdek, nizoli yer maydonining yonida fuqaro Javlon Hasanovga Paxtachi tumani hokimining 2013 yil 7 noyabrdagi 602-Q-sonli qaroriga asosan maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi va savdo do‘koni qurish uchun 0,15 gektar sug‘oriladigan yer maydoni noqonuniy ravishda ajratib berilganligini ma’lum qilamiz.

S.Hakimov, viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarma boshlig‘i.

***

Paxtachi tumani Mirzo Nodim mahallasi hududidagi 127-konturda joylashgan yer maydonida tadbirkorlik yuritish uchun qurilish-montaj ishlarini olib borishga so‘ralgan yer maydoni bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Mirzo Nodim mahallasi hududidagi 127-kontur joylashgan yer maydoni ostidan korxonamizning Paxtachi tumani bo‘limi balansida bo‘lgan D-160 millimetrli ichimlik suv tarmog‘i (suv quvuri) o‘tgan.

Respublika Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasida belgilangan sanitar me’yoriy qoidalarga asosan hamda suv ob’yektlari strategik ob’yekt bo‘lganligi bois ushbu suv tarmog‘i ustidan qurilish-montaj ishlari olib borish qat’iyan man etiladi. Faqatgina 1,2 metr yer ostidan o‘tgan suv quvuriga zarar yetkazmagan holda ushbu yer maydonida bir yillik ekin (daraxt va butalar ekishga ruxsat berilmaydi) ekib, yetishtirish mumkin.

K.Yusupov, «Samarqand suv ta’minoti» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori.

***

Maqolada ko‘tarilgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tuman hokimligida ishchi guruh tuzildi va masalalar o‘rganib chiqildi.

O‘rganish jarayonida fuqaro Ahmad Vafoqulov tomonidan tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun auksion savdosiga qo‘yib berilishi so‘ralgan yer maydoni tumanning «Nodim-Ziyovuddin» massivi qishloq xo‘jaligi xaritasining 127-konturdagi sug‘orib haydaladigan yer toifasida ekanligi aniqlandi. Shuningdek, mazkur yer maydonining ostidan «Suvta’minot» mas’uliyati cheklangan jamiyati Paxtachi tumani bo‘limiga qarashli o‘rta bosimli ichimlik suv tarmog‘i o‘tganligi va ushbu yer maydonidan fuqaro M.Siddiqova o‘zboshimchalik bilan issiqxona qurish uchun noqonuniy ravishda egallab olganligi ma’lum bo‘ldi.

Shunga ko‘ra, bugungi kunda M.Siddiqova noqonuniy ravishda egallab olingan yer maydonini asl holatiga qaytarilishi to‘g‘risida ogohlantirildi hamda fuqaro J.Hasanov tomonidan noqonuniy ravishda bajarilgan qurilish ishlari, jumladan, shlakoblok bilan o‘rab olingan devorni buzish uchun tegishli hujjatlar to‘planib, sudga taqdim etildi.

M.Hamdamov, Paxtachi tumani hokimi.

***

TAHRIRIYaTDAN: Xoh u tadbirkor, xoh oddiy fuqaro bo‘lsin, biror idoraga murojaat qilishdan muddaosi oldida turgan muammosini hal etish bo‘ladi. Shu jihatdan viloyat hokimi telegram messenjeriga murojaat qilgan Ahmad Vafoqulov tadbirkorlik yuritish uchun yer maydoni so‘ragan. Talab qilgan yer uchastkasi tadbirkorlik qilish uchun berilmasligini bilgach, dehqon xo‘jaligi sifatida ajratib berilishiga ham rozi bo‘lgan. Uning muammosi ham, talabi ham shu, xolos. Biroq javoblardan ma’lum bo‘lyaptiki, A.Vafoqulovga hech bir idora ko‘mak bergisi yo‘q. Aksincha, xatga javob yozish, murojaatni yopish kerak, tamom-vassalom.

Vaholanki, tuman hokimligi, yer resurslari va davlat kadastri idorasi rahbar, mutasaddilari murojaatchi bilan ochiq suhbatlashishi, uning tadbirkorlik loyihalari bilan tanishishi, unga zarur ko‘mak berishi kerak emasmi? 5 oy ovora bo‘lgan A.Vafoqulov yana qancha vaqt sarson bo‘lishi kerak? Nahotki tumanda uning loyihalari bilan qiziqadigan tegishli soha mutaxassislari, sektor rahbarlari bo‘lmasa?

Qolaversa, J.Hasanov 2013 yilda yer maydonini tuman hokimi qarori bilan olgan, biroq shu paytgacha uning faoliyat yuritmayotganiga nega hokimlik, qurilish bo‘limi, soliq idoralari e’tibor qaratmagan? Uning belgilangan yer maydonidan 0,16 gektar ortiqcha yerni egallab olgani nega shu paytgacha hech kimni qiziqtirmagan? Axir bu hudud yer tagidan ham yirik suv quvuri o‘tgan-ku.

Bundan tashqari, 127-konturda noqonuniy ravishda loy devor bilan o‘ralgan issiqxona qurilgan, taxminan 15 sotix yer maydoni (nizolashayotgan yer maydoni qatorida) cheti beton poydevor tashlanib, noqonuniy egallab olingan. Ushbu o‘zboshimchaliklar nega shu paytgacha barham berilmagan?

Afsuski, shu kabi savollar hamon ochiq qolmoqda...