Xitoylik mutaxassislar Samarqandda turizm, madaniy merosni asrash va bu boradagi ta’lim imkoniyati bilan qiziqdi

Xitoy Xalq Respublikasining xorijiy tillardagi adabiyotlarni nashr etish va tarqatish boshqarmasi rahbari Du Chjanyuan hamda ushbu boshqarma huzuridagi Yevropa va Osiyoga adabiyot-xabar tarqatish markazi - «Jenmin Xuabao» nashriyoti direktori Szyan Yungan boshchiligidagi delegatsiya Samarqand shahriga keldi.

Delegatsiya a’zolari dastlab Samarqand turizm akademiyasida bo‘lib, bu yerda turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari va texnikumlar talabalarining amaliyot o‘tayotgani, sayyohlarga turli xizmatlar ko‘rsatilish jarayonlari bilan tanishdi.

Shundan so‘ng “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida bo‘lib, universitet rektori - O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov bilan ta’lim muassasasining sayyohlik sohasi uchun kadrlar tayyorlash imkoniyatlari haqida suhbatlashdi, oliygohda turizm va madaniy merosni rivojlashtirish va asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Du Chjanyuan hamda Aziz Abduhakimov Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarining tobora kengayayotganini e’tirof etdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida Szyan Yungan o‘zi rahbarlik qilayotgan «Jenmin Xuabao» nashriyoti haqida ma’lumot berdi.

- Xitoyda ham Samarqand shahri kabi qadimiy shaharlar ko‘p, - dedi u. - Bu ko‘hna maskanlarda esa sayyohlarni o‘ziga chorlovchi tarixiy obidalar, umuman, madaniy meros ob’yektlari talay. Ularni dunyo afkor ommasiga yetkazish uchun, albatta, zamonaviy media manbalaridan foydalanish kerak. Buning uchun tezkor, dolzarb rasmiy xabar va axborotlarni video kontent shaklida tayyorlash va o‘zaro almashish, materiallarni ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalar va kanallar orqali tarqatishda hamkorlik qilishga e’tibor qaratish zarur.

Uchrashuv yakunida A.Abduhakimov va Du Chjanyuan o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha kelishib oldi.