Xudoynazar Yunusov: “Institut o‘zini o‘zi moliyalashtira oladi”
Keyingi yillarda oliy ta’lim muassasalarida samarali islohotlar olib borilmoqda. Qayta isloh qilingan institutlardan biri Samarqand veterinariya meditsinasi institutidir. Xo‘sh, bu institutda qaysi mutaxassisliklar tayyorlanadi? Unda tahsil olgan soha mutaxassislariga ehtiyoj qancha? Shu kabi savollarga institut rektori Xudoynazar Yunusov javob berdi.
- Xudoynazar Beknazarovich, Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti Samarqand veterinariya meditsinasi instituti nomini oldi. Amalda nima o‘zgardi?
- Samarqandda chorvachilik, parrandachilik, veterinariya sohalari oldindan rivojlanib kelgan. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi yo‘nalishlarni qaysidir institutda rivojlantirish maqsadida Samarqand qishloq xo‘jaligi institutini Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga aylantirdik. Veterinariya sohasini rivojlantirish uchun institut yangidan isloh qilindi. Mana ikki yildan buyon institut tizimi tubdan o‘zgardi. Institutga qo‘yilgan talablardan biri raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash. Shu sohadagi mutaxassislarni ilmiy rivojlanishini ta’minlab berish. Jahondagi rivojlangan institutlarga yetish va qachondir ulardan o‘tish maqsadida oldimizga katta rejalarni qo‘yganmiz. Ikki yil ichida 40 ta mamlakatning 84 oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydik. Ular bilan tajriba almashib kelmoqdamiz. Samarqandda veterinariya sohasini rivojlantirish yo‘lida ancha ishlarni rejalashtirganmiz va ularni bosqichma-bosqich bajarayapmiz. Yaqin 4-5 yil ichida kutilgan natijaga erishamiz.
- Bu yilgi kvotalarda qanday o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda?
- O‘tgan 2019-2020 o‘quv yilida 1400 nafar talabani o‘qishga qabul qilgan bo‘lsak, yangi o‘quv yili uchun institut Nukus va Toshkent filiallari bilan birgalikda 2522 ta kvota ajratildi. Bu degani, o‘tgan yilgiga nisbatan mingdan ortiq talaba qabul qilish arafasidamiz. Yurtimizda veterinariya, biotexnologiya, zooinjeneriya sohalariga bo‘lgan ehtiyojning ko‘pligi bois kvotalar soni o‘tgan yilgiga nisbatan bu yil ancha oshdi. Institut korxona, tashkilot va tumanlarda mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganib chiqdi. Shu asosda kvotalar miqdorini oshirish bo‘yicha taklif bildirdi. Respublika Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ko‘rib chiqib, tasdiqladi. Shuningdek, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, institutda iqtisodiyot (qishloq xo‘jaligida), buxgalteriya hisobi va audit (qishloq xo‘jaligida), texnologik jarayonlar, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish (qishloq xo‘jaligida) yo‘nalishlarini ochdik.
- Institutda yetuk mutaxassis kadrlar yetarlimi?
- Ikki yil davomida chet el oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda kadrlar malakasini oshirish bilan ishladik va bu ishlar haliyam davom etmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, mutaxassis kadrlar yetarli. Faqat ularni yanada malakasini oshirish kerak. Pandemiya sharoitida chet el professor-o‘qituvchilari institut o‘qituvchilariga masofadan dars o‘tdi. O‘zaro fikr almashdi va bunday samarali hamkorligimiz davom etmoqda. O‘z mutaxassislarimizni qancha chet davlatlarga yuborib, ulardan tajriba almashsak, yetuk kadrlarga bo‘lgan talab qondiriladi.
- Institut bitiruvchilari ishga joylashishda muammolarga duch kelmayaptimi?
- Institutga qabul qilingan magistrlarimiz bu yil bitiryapti. Respublika Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi 47 ta magistrning har biri uchun ish joylari hozirlab, kelishlarini kutib turibdi. Yana ikki yildan keyin bakalavrlarimiz ham mutaxassis bo‘lib chiqadi. Ular ham o‘z sohasida ish topishda qiynalmaydi. Sababi, aynan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik sohalarida kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj katta.
- Yangi o‘quv yili uchun institut qanday rejalarni amalga oshirmoqchi?
- Prezident qarori bilan institutga 24 milliard so‘m pul ajratildi. Biz bunga 4 qavatli yangi o‘quv binosi qurdik va jihozladik. Unda zamonaviy laboratoriya xonalari, auditoriyalar, o‘quv zallari mavjud. Nasib bo‘lsa, yangi o‘quv yiliga bino foydalanish uchun topshiriladi. Yangi binoda ikki fakultet talabalari tahsil oladi. Bundan tashqari, talabalarni amaliyotga olib chiqish uchun 3 ta avtobus berildi.
Oldimizga qo‘ygan ishlarimiz talaygina. Masalan, ta’lim klaster tashkil qilishni rejalashtirayapmiz. Ta’lim klasteri, qisqacha aytganda, aniq tizim asosida ishlaydigan, ya’ni muvofiqlashtirilgan yangi strukturadir. Bunda o‘quv jarayonlari, malaka amaliyoti va ilmiy tadqiqot ishlari akademik litseydan boshlab, universitetga qadar muvofiqlashtirilib, aniq reja asosida hamkorlikda olib boriladi. Biz shunchaki laboratoriya emas, zamonaviy va namunaviy korxona qurish niyatidamiz. 5 mingta namunaviy parrandachilik korxonasi qurdiramiz. O‘sha yerda talabalar ham o‘qiydi, tadbirkorlar ham kelib o‘rganadi. Qora molchilik bo‘yicha hozir bank bilan loyiha olib borayapmiz. Xudo xohlasa, “Bushuyev” zotli 50 ta O‘zbekiston sharoitiga moslashgan sigirlarni olib kelib, institut qoshida chorvachilik majmuasi tashkil etamiz. Ulardan olinadigan go‘sht, sut mahsulotlarini qayta ishlab, sotishni yo‘lga qo‘yamiz. Rejadagi ishlarimiz amalga oshsa, kelajakda institut o‘zini o‘zi moliyalashtira oladi. Biz ishlab chiqarish bilan ta’limni birgalikda olib borsak, ko‘zlagan maqsadimizga yetamiz.
Xurshida ERNAZAROVA suhbatlashdi.