Yoshlar maqsadsiz (mi)?

Yaqinda barcha viloyatlarda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Xususan, Samarqandda o‘tkazilgan test sinovlarida 108 981 nafar abituriyent qatnashishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning 99 312 nafari imtihonga kelgan, 9669 nafari turli sabablarga ko‘ra ishtirok etmagan.

Bu kichkina raqam emas. Nima sababdan bir yilda bir marta bo‘ladigan imtihonga abituriyent kelmadi? Kamida bir kunda 980 nafar abituriyent imtihonga kelmagan.

Bitiruvchilar bilan suhbatlashganimda ba’zilari tavakkal, omadini sinab ko‘rish uchungina o‘qishga kirish uchun hujjatlarini topshirganini aytdi.  

Agar o‘qishga kira olmasa-chi? Keyin nima ish qiladi? Farzandini vaziyatini bilgan ota-ona ularni nega o‘z vaqtida kasbga yo‘naltirmaydi? Umuman, ota-onalar farzandi bilan kasb tanlash, hunar egallash, kelgusidagi maqsadlari yuzasidan suhbatlashishga qancha vaqt sarflashadi? Yoshlarga kim bo‘lmoqchisan, degan savol aslida eng ko‘p beriladigan savollardan biri. Ammo ota-onalar orasida bu haqda jiddiy gaplashib, kasblar bo‘yicha ma’lumot berib, bolalikdan farzandining qiziqishlarini hisobga olib to‘garaklarga olib boradigan, yo‘nalish ko‘rsatadiganlari, afsuski, barmoq bilan sanarli.

Yuqori sinf o‘quvchilari darsdan bo‘sh vaqtlari ishga kirmoqda. Ayniqsa, ta’til kunlari avtobusda konduktorlik qilyapti yoki bozorda savdoga yordam beryapti. Bolalarning qo‘li 4-5 so‘m ko‘rgandan so‘ng, o‘qimay, diplomsiz ham pul ishlab topsa bo‘lar ekan, degan tushuncha paydo bo‘lmoqda. O‘z-o‘zidan o‘qishga bo‘lgan qiziqishi so‘nadi. Maktabga ham zo‘rg‘a, aniqrog‘i, sinf rahbarining qistovi bilan darsga kelib-ketadi. Chunki davomat uchun sinf rahbar javob beradi. Bundan ko‘rinib turibdiki, o‘qimagan bola ham “3” bahoga bo‘lsa ham maktabni tugatadi. Maktabni bir amallab bitirib olgandan so‘ng, tavakkal o‘qishga topshiradi.

Bitiruvchi qizlarning ba’zilari hali maktabni tugatmasidan, ayrimlari 9-sinfligidan unashtirilib qo‘yilgan.

Abdurauf Fitratning "Oila" asarida qizlarning ta’limi haqida quyidagilar yozilgan: "Millat onalari tarbiya va ilm olishlari lozim, axloq va bilimlarini kamolga yetkazishlari zarur. Aks holda xotinlarimiz erkaklardan ham qo‘rqoqroq, zaifroq va g‘ayratsiz bo‘lganlarida, bolalarimiz ham ularga o‘xshab ketadilar”. Demak, qizlarimiz bilim olishlari shart.

Yoshlarni kelajakda bir kasbni egallashi uchun faqat muallim emas, aslida ota-ona ko‘proq mas’ul.

Munisa Shamsiyeva.